Namangan viloyatida hamkor tashkilotlar tomonidan o‘tkazilgan «Eng faol kitobxon» ko‘rik-tanlovi tafakkurga oshno qalblarni birlashtirdi. Tanlovda bir millionga yaqin kitobxonlar ishtirok etdi. Ular o‘nta nominatsiya bo‘yicha bellashdilar.
— Ishtirokchilar orasida maktab o‘quvchilaridan tortib, nafaqadagi mehnat faxriylarigacha bor, —deydi respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Musoxon Oppoqov. —Biz tanlovga kutubxonachilar, ma’rifatga e’tiborli tashkilot yetakchilari, hatto, hokimlargacha jalb qildik. Shu bahona joylardagi ziyomaskanlari ta’mirdan chiqarildi. Kitob jamg‘armalari katta nusxadagi adabiyotlar bilan to‘ldirildi.
Tadbir eng sara kitobxonlar, mutolaa uchun munosib sharoit yaratib bergan tashkilotchi rahbarlarning nomlarini aniqlab berdi. Masalan, Abdulaziz Sobirov Chortoq tumanidagi 1-umumta’lim maktabida o‘qiydi. O‘zi o‘qigan 300 dan ortiq adabiyotning mazmun-mohiyatini dadil sharhlab bergan yigitcha «Eng ko‘p kitob o‘qigan bola» nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Yangiqo‘rg‘on tumanidan nafaqadagi faxriy Hakimjon ota Abdullaev «Eng ko‘p kitob o‘qigan bobo», Davlatobod tumanidan tanlovda ishtirok etgan Hosiyatxon Ahmedova «Eng ko‘p kitob o‘qigan momo» nominatsiyasi g‘olibligini egalladi. «Tashabbuskor kitob targ‘ibotchisi» nominatsiyasi g‘olibligini M.So‘fizoda nomidagi viloyat bolalar kutubxonasi rahbari Zulxumor To‘raxo‘jaeva qo‘lga kiritdi. «Ma’rifatga e’tiborli hokim» sifatida Namangan shahar hokimi Anvar Otaxo‘jaev e’tirof etildi. U Chortoq tumani hokimi lavozimida ishlagan davrida tuman axborot- kutubxona markazi rivojiga munosib hissa qo‘shib, ushbu dargohga 10 million so‘mlik adabiyotlar sovg‘a qilgan.
Zahiriddin Muhammad Bobur nomli madaniyat va istirohat bog‘ida «Eng faol kitobxon» ko‘rik-tanlovining g‘oliblariga tantanali ravishda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Xalq so‘zi gazetasidan olindi